Prompt: AI’ga yozgan so‘rovingiz. AI fikringizni o‘qiy olmaydi, shuning uchun vazifani qanchalik to‘liq va aniq tushuntirsangiz, javob shunchalik yaxshi bo‘ladi.
Nega “xat yoz” ishlamaydi
Faqat “Xat yoz” deb yozsangiz, AI ikki yo‘ldan birini tanlaydi: yo qayta savol beradi, yo hech kimga to‘g‘ri kelmaydigan umumiy matn yozadi.
AI javobi: Qanday xat? Kimga, nima haqida va qanday ohangda yozay?
Shu savollarga javobni oldindan bersangiz, kerakli natijani bitta urinishda olasiz.
Formula: 5 qism
| Qism | Savol | Misol |
|---|---|---|
| Rol | Kim bo‘lib javob bersin? | Sen tajribali kotibsan. |
| Vazifa | Aniq nima qilish kerak? | Qo‘shnilarni to‘yga taklif qiluvchi xat yoz. |
| Kontekst | Kim uchun, nima maqsadda? | To‘y 15-noyabr, soat 18:00 da. |
| Format | Qanday ko‘rinishda? | 5 qatordan oshmasin. |
| Ohang | Rasmiy, samimiy yoki oddiy? | Samimiy ohangda. |
Beshtasini birlashtiramiz:
Sen tajribali kotibsan. Qo'shnilarni to'yga taklif qiluvchi xat yoz.
To'y 15-noyabr, soat 18:00 da. 5 qatordan oshmasin, samimiy ohangda.
Natija:
«Aziz qo‘shnilar! 15-noyabr kuni soat 18:00 da to‘yimizga sizni chin dildan taklif qilamiz. Kelishingizni intizorlik bilan kutamiz!»
Har bir qism qo‘shilgani sari javob aniqroq bo‘ladi. Rol uslubni, vazifa maqsadni, kontekst faktlarni, format hajmni, ohang esa kayfiyatni belgilaydi.
Ishdagi misol: Telegram post
Yomon: “Tadbir haqida post yoz”. Bunday so‘rovga AI istalgan tadbir haqida, istalgan uzunlikda yozadi.
Yaxshi:
Rol: Sen yoshlar agentligi SMM mutaxassisisan.
Vazifa: Telegram uchun post yoz.
Kontekst: Shanba kuni, 18-30 yoshlilar uchun bepul IT forum.
Format: 80 so'zgacha, oxirida ro'yxat havolasi.
Ohang: Samimiy va g'ayratli.
Bunday prompt darhol kanalga qo‘yishga yaroqli post beradi:
Shanba kuni: bepul IT forum! 18–30 yoshdagi yoshlar uchun dasturlash, dizayn va AI bo‘yicha amaliy seminarlar hamda mutaxassislar bilan uchrashuv. Ishtirok bepul, joylar soni cheklangan. Ro‘yxatdan o‘tish: havola
Shablon: nusxa olib ishlating
Rol: Sen [kasb yoki mutaxassis]san.
Vazifa: [aniq nima qilish kerak].
Kontekst: [kim uchun, nima maqsadda; sana, joy, raqamlar].
Format: [ro'yxat / jadval / N qator / N so'zgacha].
Ohang: [rasmiy / samimiy / oddiy].
Yaxshi natija uchun 5 maslahat
- Bir xabarda bitta vazifa. Ko‘p ishni bitta promptga jamlasangiz, sifat pasayadi.
- Faktlarni o‘zingiz bering. Sana, narx, ism va raqamlarni AI o‘ylab topmasin.
- Javobni aniqlashtiring. “Qisqaroq qil”, “rasmiyroq yoz”, “3 ta variant ber” kabi qo‘shimcha so‘rovlar bilan natijani yaxshilang.
- Namuna ko‘rsating. Yoqqan matningiz bo‘lsa, uni qo‘shib “shu uslubda yoz” deng.
- O‘zbek tilida bemalol yozing. Kim uchun, qanday ohangda va qancha hajmda kerakligini aytsangiz, javob o‘zbekcha ham aniq chiqadi.
Mashq
O‘z ishingizdan bitta real vazifa oling va uni 5 qismli formula bo‘yicha prompt qiling. Natijani kamida ikki marta aniqlashtirib yaxshilang, so‘ng birinchi javob bilan oxirgisini solishtiring.